6-fevral kuni ikki buyuk allomaning tavalludi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda buyuk allomalarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tutgan o‘rni” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchi mutaxassisi Feruza Fuzaylova xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sharifa Salimova, O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Muhammadali Abduqunduzov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Turg‘un Beknazarov, V.A.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbir avvalida shoira Sharifa Salimova so‘zga chiqib, Navoiy va Boburning ijodi haqida to‘xtalib o‘tdi. Aktyor Muhammadali Abduqunduzov “Bobur” videofilmidan parchalar namoyish etdi.
V.A. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashgan musiqa akademik litseyining iqtidorli o‘quvchilaridan tashkil topgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zamira Rahmatullayeva boshchiligidagi “Meros” folklor ansambli ishtirokchilarining “Qoshi yosinmu deyin” deb nomlangan jonli ijrodagi qo‘shiqlar to‘plami kechaga o‘zgacha fayz kiritdi va yig‘inganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari va Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining badiiy chiqishlari namoyish etildi.
Izoh (0)