2015-yilning 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo va Kavkaz ishlari bo‘yicha Maxsus vakili, Yevropa ishlari bo‘yicha Buro bosh direktori o‘rinbosari Akira Mutoni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.
Suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari, ba’zi xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston — Yaponiya muloqotining jo‘shqin tus olayotganligini mamnuniyat bilan tasdiqladi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida turli sohalarda samarali hamkorlikning katta tajribasi orttirilgan hamda Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotga asoslangan mustahkam shartnomaviy-huquqiy negiz yaratilgan.
Ikki davlatda ham 27-yanvar kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Yaponiya va Yaponiya — O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi natijalarini yuqori baholanadi. Ushbu yig‘ilish doirasida sarmoya va kredit kelishuvlari, texnik ko‘mak loyihalaridan iborat jami 3,8 milliard AQSh dollariga teng yirik bitimlar imzolandi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi e’tirof etildi.
Shu kunning o‘zida Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Yaponiya Elchisi Fumihiko Kato ishtirok etdi.
Izoh (0)