O‘tgan yil davomida Jizzax viloyatida litsenziyalashga doir qonunchilik me’yorlarini buzgan shaxslar umumiy miqdorda 324 million so‘mdan ortiq jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
2014-yil mobaynida Jizzax viloyatida agentlikning hududiy bo‘limi tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati va soliq organlari bilan hamkorlikda 178 ta qo‘shma reyd tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu reydlarda jami 7086 ta avtotransport vositasi tekshirilib, shundan 1076 tasida me’yoriy-huquqiy talablarning buzilishi holatlari aniqlandi.
Jumladan, 692 ta avtotransport vositasida tegishli ruxsatnoma (litsenziya) bo‘lmagani holda noqonuniy yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanilganligi qayd etildi. Qonunbuzarlik faktlari rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar chora ko‘rish uchun soliq idoralariga jo‘natildi va sud orqali ularga nisbatan jami 324 million 300 ming so‘mdan ortiq miqdorda moddiy jarima qo‘llanildi.
Reydlar chog‘ida, shuningdek:
- 152 ta avtotransport vositasida zarur hujjatlar (haydovchilik guvohnomasi, yo‘l varaqasi, yo‘nalish chizmasi) yo‘qligi;
- 10 ta avtotransport vositasi tegishli idoralar ruxsatisiz qayta jihozlanganligi;
- 186 ta avtotransport vositasi majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi;
- 36 ta avtotransport vositasi kunlik texnik ko‘rikdan va ularning haydovchilari kunlik tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlandi.
Izoh (0)