2014-yilda Markaziy bank tomonidan qat’iy pul-kredit siyosati yuritilganligi hamda O‘zbekiston Hukumati tomonidan iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi inflyatsiyani jilovlashda muhim ahamiyat kasb etdi va uning belgilangan prognoz ko‘rsatkichdan past bo‘lishi ta’minlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida xabar berildi.
2014-yil yakuni bo‘yicha iste’mol baholari indeksi asosida hisoblanadigan inflyatsiya darajasi 2013-yilga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 6,1 foizni tashkil etdi. Bunda iste’mol baholari indeksining o‘sishi asosan nomonetar omillar hisobiga yuz berdi.
Jumladan, 2014-yilda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 3,7 foizga o‘sib, uning inflyatsiyaga ta’siri 1,8 foizni, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 7,0 foizga o‘sib, inflyatsiya darajasiga ta’siri 2,2 foizni tashkil etdi. Xizmatlar narxi esa 11,3 foizga o‘sib, inflyatsiya darajasiga ta’siri 2,1 foizni tashkil qildi.