O‘zbekiston Oliy ligasida bu yil 16 ta jamoa ishtirok etadi. Tabiiyki, o‘yinlar sonining oshishi Hakamlar qo‘mitasiga ham qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Bu borada O‘FF Hakamlar qo‘mitasi boshlig‘i Noil Lutfulin o‘z fikrini bildirdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
“Darhaqiqat, o‘yinlar sonining ko‘payishi hakamlarga talabni oshiradi, — deb gap boshladi Noil Lutfulin. — Hozirda yana 2 nafar referini o‘tgan yilgi hakamlar safiga qo‘shishni maqsad qilganmiz. Ermatov va Kovalenko xalqaro o‘yinlarni boshqarishga ketganida, o‘z-o‘zidan hakamlar taqchilligi seziladi. Shularni o‘ylagan holda hozirdan harakatni boshlab yuborganmiz. Tez orada hakamlar va nazoratchilar uchun imtihonlar boshlanadi. Ya’ni hakamlar va assistentlar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovdan o‘tadi.
28 nafar hakamimizni Turkiyaga yuborishni rejaga kiritganmiz. Vakillarimiz u yerda o‘tkaziladigan xalqaro o‘yinlarni boshqarib, o‘z tajribalarini oshiradi. Har biri kamida 2 tadan o‘yinda ishlashi uchun Turkiyada o‘rtoqlik bahslarini tashkil qiladigan kompaniya bilan gaplashyapmiz. Ma’lumki, bugungi kunda Yevropa va Osiyoning ko‘plab klublari aynan Turkiya va BAAda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini olib boradi. Bu hakamlarimiz uchun tayyor o‘yin va tajriba oshirish imkoniyatidir”.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Ravshan Ermatov Avstraliyadan qaytganidan so‘ng Turkiyadagi hamkasblari safiga qo‘shiladi. “Hakamlarimiz uchun 5 ta bosqichdan iborat seminar bor. 7—12 va 15—20-fevral kunlari ham hakamlar va nazoratchilar uchun seminar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladi. Umuman olganda, bu yilgi chempionatimizda jami 129 nafar hakam va 37 nafar nazoratchi ishlaydi”, — deya O‘FF Hakamlar qo‘mitasi boshlig‘i fikriga yakun yasadi.
Izoh (0)