Qozog‘istonning janubiy poytaxti — Olma-Ota shahri jamoa transporti 2017-yilgacha to‘liq gaz va elektr bilan harakatlanuvchi transport vositalariga o‘tkaziladi. Bu haqda “Tengrinews.kz” axborotiga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Olma-ota akimi (hokimi) Ahmetjan Yesimov Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda gazda harakatlanuvchi 200 ta avtobus sotib olinganini xabar bergan.
“Yana 400 ta shunday avtobus sotib olinadi. Bundan tashqari, bu bank bilan hamkorlikda 200 ta trolleybus ham sotib olindi”, — dedi Olma-Ota shahri rahbari.
Hozirgacha Olma-Ota shahri jamoat transportining 70 foizi gaz va elektrda harakatlanmoqda, yo‘lovchilar ham ekologik jihatdan toza transport turini ko‘proq ma’qul ko‘rmoqda.
Ma’lumot uchun, 2014-yil Olma-Otada 260 million yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, bu 2013-yilgi ko‘rsatkichdan 12 foizga ko‘p, ekologik toza transport turi yo‘lovchilari soni esa 34 foizga ko‘paygan.
Olma-Otada 2015-yil oxirigacha elektr chipta olish tizimini to‘liq joriy etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida avtobuslarda konditsionerlar paydo bo‘lishi, shaharda esa yengil relsli transport yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Izoh (0)