O‘zbekistonda 2015−2016-yillarda 203 ta korxonadagi davlat ulushi 51 foizgacha qisqartiriladi. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Dasturda aytilishicha, joriy yil 16-yanvarda o‘tkazilgan 2014-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan 2015-yilda va keyingi yillarda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun 2015−2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirish dasturini shakllantirish yakunlanmoqda. Ushbu Dastur quyidagilarni nazarda tutadi:
- to‘la quvvat bilan ishlamayotgan 660 tadan ko‘proq davlat korxonasini tugatish va ochiq savdo orqali yangi xususiy mulkdorlar tasarrufiga o‘tkazish;
- strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan 360 ta korxonadagi davlat ulushini to‘liq ravishda sotish;
- foydalanilmayotgan 400 tadan ortiq davlat mulki obyektini “nol” qiymati bo‘yicha sotish. Bu, o‘z navbatida, qisqa muddatlarda strategik xorijiy investorlar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish imkonini beradi;
- xususiy investorlarga 450 milliard so‘mlik qo‘shimcha aksiyalarni fond bozorida sotish orqali ishlab turgan 203 ta korxonadagi davlat ulushini 51 foizgacha qisqartirish.
Izoh (0)