Sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2015-yilgi sport mavsumini muvaffaqiyatli boshladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Qozog‘istonda sambo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yettita medalni qo‘lga kiritdi.
20 dan ziyod davlatdan 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan musobaqada jangovar sambo bo‘yicha vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida O‘zbekiston vakili Rahmatjon Ahmedov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Iqtidorli polvon sport sambosi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda ham muvaffaqiyatli qatnashib, o‘z vazn toifasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Jangovar sambo bo‘yicha vazni 100 kilogrammdan ortiq bo‘lgan polvonlar bahsida Islomjon Azimov kumush medalga loyiq topilgan bo‘lsa, 74 kilogrammgacha og‘irlikda Furqat Ro‘ziyev bronza medal bilan taqdirlandi.
Sport sambosi bo‘yicha vazni 90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ilhom Yo‘ldoshev eng kuchli ekanini isbotladi. U hal qiluvchi bahsda mezbonlar vakili Olmozbek Yusupov ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Vazni 57 kilogrammgacha bo‘lgan sambochilar bellashuvida Tolmas To‘qliyev, 48 kilogramm og‘irlikdagi xotin-qizlar bahsida o‘zbekistonlik sportchi Nodira Gulova bronza medal bilan taqdirlandi.
Izoh (0)