O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Fransiyaning Charlie Hebdo nashri bilan bog‘liq terrorchilik harakatlari yuzasidan fikr bildirdi.
Bundan bir necha kun avval Fransiyada bo‘lib o‘tgan terrorchilik harakati oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi. Biz shaytonning vasvasasiga uchib, bu jinoyatni amalga oshirganlarni mutlaqo qoralaymiz. Binobarin, islom ta’limotlariga ko‘ra, begunoh insonlarning hayotiga tahdid soluvchi har qanday xatti-harakat qat’iyan man qilinadi.
Bu terrorchilik harakatlari, avvalambor, o‘nlab insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan islom ummatiga qattiq zarba bo‘ldi. Mazkur teraktlar butun dunyo bo‘ylab tobora keng quloch yoyayotgan islomofobiya kayfiyatining yanada kuchayishiga, musulmonlarga bo‘lgan munosabatning keskin yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda.“Tinchlikka rahna solib, begunoh odamlarni o‘ldirish mutlaqo mumkin bo‘lmagan, gunoh ishdir. Balki, g‘azabi aqlidan g‘olib kelgan ayrim musulmonlar Payg‘ambar (s.a.v)ni haqorat qilishdek ishga jur’at qilgan “Sharli Ebdo”ga hujum uyushtirishni to‘g‘ri deb bilar, lekin kuni kecha hech kimning nazarida bo‘lmagan mazkur satirik gazeta bugun dunyo hamjamiyatining e’tiboriga tushib, adadi 60 ming nusxadan qariyb 7 million nusxaga oshirilgani, Muhammad alayhissalomga ishlangan karikaturalar o‘rin olgan yangi sonining tarqatilgani, Fransiya musulmonlariga nisbatan bo‘layotgan turli tahdidlar, masjidlarning yoqib yuborilishi, islomofobik kayfiyatdagi namoyishlarning uyushtirilayotganiga nazar solinsa, mazkur jinoyat qanchalik qabih, islom va musulmonlarga zarar yetkazgan noto‘g‘ri ish bo‘lganini anglash qiyin bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur terroristik harakatlarni bevosita amalga oshirgan shaxslar maxsus operatsiya jarayonida yo‘q qilindi. Ularning ayrim maslakdoshlari qo‘lga ham olindi. Lekin ko‘rilgan bu choralar qurolsiz holda otib tashlangan shaxslarni hayotga qaytargani yo‘q, ularning yaqinlari chekayotgan iztiroblarga malham bo‘lgani ham yo‘q. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (s.a.v) ni masxara qilish holatlariga ham chek qo‘ygani yo‘q.“Biz Payg‘ambar alayhissalomni yaxshi ko‘rishimizni da’vo qilar ekanmiz, u zotni yaxshi ko‘rish sunnatlariga amal qilish va u zoti barokotni boshqalar ham yaxshi ko‘rishi uchun harakat qilish bilan bo‘lmog‘ini unutmasligimiz darkor”, — deyiladi Qo‘mita saytida.
Izoh (0)