Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilib o‘sgan yigit oilasi buzilgach ham, bir necha bor sudlanib, tegishli jazosini olgach ham jinoyat yo‘lini tark etmadi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasi.
U Jizzax shahridagi uyni tunashni maqsad qilib, voyaga yetmagan ikki yigitchani uy atrofida poyloqchi qilib qoldirdi, o‘zi esa orqa eshikni buzib, ichkariga kirdi. Yotoqxonadagi shkafdan 250 ming so‘m pul, toshoyna yonidan esa Sony rusumli fotoapparatni oldi. Tortmalarning biridan umumiy bahosi 23 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni olgach, uyni tark etdi. Toshkentga kelib, qo‘lga kiritgan narsalarini Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida sotdi va pullarni o‘z ehtiyojlari yo‘lida sarfladi.
Bir qancha vaqt o‘tgach, yigit voyaga yetmagan sheriklaridan birini olib, yana Jizzaxga keldi. Bu gal “Madaniyat” mahallasidagi uyni ko‘zlab, devor osha hovliga kirdi. Bu xonadondan 7 million so‘mlik tilla taqinchoqlar va 200 ming so‘m pulni olib chiqdi. Taqinchoqlarni pullab, yallo qilib yuraverdi.
Kelasi safar ular Jizzaxdagi “Qassoblik” mahallasida joylashgan uy eshigini buzib, xonadondan 600 ming so‘mlik fotoapparat va fleshkani olib chiqdi. Shu kuni yana bir o‘g‘rilikni rejalashtirib, voyaga yetmagan ikkinchi sherigini ham poyloqchilikka chaqirdi va devor osha shu mahalladagi xonadonga kirdi. Uydagi seyfni ochishga kirishganida, xonadon egasi kelganini eshitib, berkindi. Biroq xonadon egasi uyda kimdir borligini sezib, ichki ishlar bo‘limiga xabar berdi.
Vaqtdan unumli foydalanib, qochgan o‘g‘rilar uzoqqa ketolmadi. O‘g‘rilikni uyushtirgan shaxs 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Voyaga yetmagan yigitchalar ham qilmishiga yarasha jazolandi.
Izoh (0)