“Barselona” Luis Enrike boshchiligida eng chiroyli o‘yinini namoyish qildi va kuchli raqib — “Atletiko” ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Bu haqda “Stadion.uz” xabar beradi.
Kataloniyaliklar o‘yin boshidanoq raqib darvozasiga bosim uyushtirib, raqib himoyasini ancha shoshirib qo‘ydi. O‘yin boshidanoq madridliklarning “Barselona”ning bunday o‘yiniga tayyor emasligi ma’lum bo‘lib qoldi.
Dastlab, Messi darvozabon bilan birga bir vaziyatda o‘ng oyoqda aniq zarba yo‘llay olmagan bo‘lsa, oradan 3 daqiqa o‘tib, Lionelning sa’y-harakatlari evaziga hisob ochildi. Messi Alves bilan “devor” o‘ynab, o‘ng tomondan jarima maydonchasiga kirdi va bir himoyachini chalg‘itib, darvozabon maydonchasiga uzatma berdi. Suares zarba berishga ulgurmadi, bir himoyachidan o‘tgan to‘p Neymarga kelib tushdi. Braziliyalik hujumchi to‘pga oyoq cho‘zdi va darvozani ishg‘ol qildi.
Shundan so‘ng Diyego Simeone shogirdlari pala-partish oldinga o‘taverdi, golli vaziyatlarni “Barselona” yarata boshladi. O‘yinning 35-daqiqasiga kelib, mezbonlar ketma-ket yuzaga keltirgan hujumlardan biri gol bilan yakunlandi. Messi maydon markazida to‘pni himoyachining ustidan o‘tkazib, oldinga o‘tdi va jarima maydonchasiga yaqinlashib kelib, chap qanotda ochilgan Suaresga to‘pni uzatdi. Luis yaqin masofadan kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi — 2:0.
Ikkinchi bo‘limda “Atletiko” futbolchilari boshqacha ishtiyoq bilan maydonga chiqdi va yaxshi o‘ynay boshladi. 56-daqiqada Messi penaltiga sababchi bo‘ldi va Manjukich 11 metrli jarima zarbasini golga aylantirdi.
O‘yin qo‘polliklarga boy bo‘ldi. Undiano Malenko sariq kartochkani cho‘ntagidan 9 marta chiqarishga majbur bo‘ldi.
Uchrashuv yakuniga borib madridliklarning bosimi oshib bordi va ular hisobni tenglashtirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Mezbonlar himoyachisi Jerar Pike mudofaada yaxshi o‘ynab, deyarli barcha havo to‘plarini qaytardi. O‘yin tugashiga 3 daqiqa qolganda esa Messi o‘yin taqdirini hal qildi. Mezbonlar himoyadan chiqishda to‘pni olis masofadan chap qanotdagi Suaresga yetkazdi. Luis to‘pni qarama-qarshi qanotdagi Messiga uzatdi va Leo o‘ng tomondan Rakitichning oldinga o‘tishini kutib, unga pas berdi. Ivan to‘pni jarima maydonchasiga kirgan Messining o‘ziga qaytardi, to‘p esa undan o‘tib ketdi, ammo himoyachining oyog‘iga tegib, o‘ziga qaytib keldi. Lionel yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qildi.
Ushbu g‘alabadan keyin “Barselona” o‘z ochkolarini 41 taga yetkazib, “Real”ni ta’qib qilishda davom etadigan bo‘ldi.
Ispaniya La ligasi, 18-tur
“Barselona” — “Atletiko”: 3:1
Gollar: 1:0 — 12 Neymar, 2:0 — 35 Suares, 2:1 — 57 Manjukich (penalti), 3:1 — 87 Messi.
“Barselona”: Bravo, Dani Alves, Pike, Maskerano, Alba, Rakitich (Rafinya, 89), Buskets, Inyesta, Messi, Suares (Pedro, 90), Neymar.
“Atletiko”: Moyya, Xuanfran, Ximenes, Godin, Games (Sikeyra, 83), Gabi (Torres, 68), Tiagu, Turan, Grizmann (Garsiya, 74), Koke, Manjukich.
Ogohlantirishlar: Games (21), Manjukich (33), Xuanfran (49), Suares (59), Tiagu (65), Grizmann (69), Maskerano (74), Messi (80), Godin (83).
Izoh (0)