Osiyo Kubogi-2015 startiga ikki kun qolganda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi rasmiylari O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashishdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Uchrashuv chog‘ida OFK hakamlar nazoratchisi Xani Ballan terma jamoa a’zolarini o‘yin qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar va yangiliklar haqida ma’lumot beradi. Maxsus videoroliklar orqali qanday qoidabuzarliklar hakamlar tomonidan jazolanishi O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari va murabbiylariga namoyish etib berildi.
OFK nazoratchisi Xani Ballanning so‘zlariga ko‘ra Osiyo Kubogida hakamlar yuqori saviyada o‘yinlarni boshqarib boradilar. Boisi, Osiyo Kubogi bahslarini boshqarib boradigan hakamlar musobaqa oldidan ko‘plab test sinovlari topshirishgan.
Xani Ballanning qayd etishicha, musobaqada ayniqsa o‘ta qo‘pol qoidabuzarliklar hakamlar tomonidan qattiq jazolanadi. Shuningdek, hakamlar futbolchilarning simulyatsiya ishlatish holatlariga ham e’tiborda bo‘ladilar. OFK nazoratchisining so‘zlariga ko‘ra simulyatsiya ishlatish − sariq kartochka ishlab olish uchun eng tez va qulay qoidabuzarlik hisoblanadi
Uchrashuv yakuniga yetgach, O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi OFK rasmiylari bilan musobaqa tashkiliy masalalari borasida suhbat qurdi.
Izoh (0)