Shu hafta boshlanadigan Osiyo kubogida O‘zbekistondan 2 nafar referi ishtirok etadi. Ravshan Ermatov va Valentin Kovalenko boshchiligidagi hakamlarimiz 2-yanvar kuni Avstraliya tomon yo‘lga chiqishdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Navbatdagi Osiyo kubogi Ermatov uchun 3-qit’a chempionati hisoblanadi. U dastlab 2004-yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan musobaqada ishlagandi. Keyingi, ya’ni Osiyo kubogi-2007’da hakamimiz ishtirok etmadi. Zero, o‘sha payt FIFA uni Kanadada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi JChga taklif qilgandi. Qatar−2011da Ermatov eng murakkab o‘yinlarni boshqardi, xususan, turnir finali ham unga ishonib topshirildi. Qit’ada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Kovalenko uchun esa bu dastlabki yirik musobaqadir. FIFA referisi Ravshan Ermatov safar oldidan “Interfutbol” gazetasiga intervyu berdi
— Bundan bir oy avval Osiyo kubogida ishtirok etadigan hakamlar uchun seminar tashkil etildi va barcha-barcha imtihonlardan o‘tdi. O‘sha sinovlar bizning hakamlar uchun qay tarzda kechdi?
— Barchamiz ulardan muvaffaqiyatli o‘tdik. Faqat Kovalenkoning yordamchisi — Ma’mur Saidqosimov amaliy mashg‘ulot chog‘i jarohatlandi. Shifokorlar tekshiruvdan o‘tkazishganidan keyin uning tiklanishi uchun bir oy vaqt talab qilinishi oydinlashdi. Shuning uchun u Avstraliyaga borolmaydigan bo‘ldi. Bundan OFK Hakamlar departamenti rahbariyati ham afsuslandi. Ammo barchamiz insonmiz, issiq jonmiz. Sportda jarohat hamisha yonma-yon yuradi. Endi Kovalenko guruhida Ma’murning o‘rnini gonkonglik laynsmen egalladi. Jahongir Saidov ham ushbu guruhda ishlaydi.
— Sizning brigadangizda o‘zgarishlar bo‘lmadimi?
— Yo‘q. Menga har doimgidek, Abduhamidullo Rasulov va Bahodir Qo‘chqorov yordam berishadi.
— Osiyo kubogiga boradigan hakamlar ro‘yxatiga nazar tashlasak, biz uchun yangi hisoblangan referilarni ham ko‘ramiz. Tajribali Yuichi Nishimura esa qit’a chempionatida ishlamaydigan bo‘libdi.
— Nishimura JCh−2014’dan keyin xalqaro faoliyatini yakunlashga qaror qildi. U endi faqat Yaponiya J-ligasida ishlaydi.
— Bahodir Qo‘chqorov ham Osiyo kubogi-2015’dan keyin xalqaro faoliyatini yakunlashini e’lon qilgandi.
— FIFA yaqinda hakamlar uchun belgilangan yosh chegarasini (45) bekor qildi. Bahodir aka hozirda yoshlarga ibrat ko‘rsatadigan formada. Agar jismoniy holati ko‘tarsa, yana bir necha yil xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Hammasi o‘ziga bog‘liq.
— O‘z jismoniy holatingizni qanday baholaysiz? Yil davomida deyarli dam olishsiz ishladingiz, toliqish yo‘qmi?
— Biroz bor. Boisi, mavsum og‘ir kechdi. Biz umuman ta’tilga chiqmadik. Ko‘plab xalqaro musobaqalarda ishtirok etdik. Har qanday holatda ham, musobaqa boshlangan payt yuqori formada bo‘lishga harakat qilamiz va Osiyo kubogida borimizni berib ishlaymiz. Xususan, Avstraliyaga yetib borganimizdan keyin bir necha kun davomida tayyorgarlik bo‘yicha yana bir seminardan o‘tamiz. Bu ham formamizni tiklashga yordam beradi.
— Nufuzli musobaqalarning ochilish va final uchrashuvlarini boshqargansiz. Ammo hozircha Osiyo kubogi ochilish bahsida ishlamagan ekansiz.
— Turnirning 1-tur o‘yinlarini boshqarib boradigan hakamlar ro‘yxati start arafasida e’lon qilinadi. Bizga qaysi o‘yin ishonib topshirilishidan qat’iy nazar, bor mahoratimizni ishga solib, uchrashuvlarni adolatli boshqarib borishga harakat qilamiz. Ochilish o‘yini bo‘ladimi yoki boshqasi − buning ahamiyati yo‘q. Qisqasi, barcha o‘yinga birdek jiddiy yondashamiz.
— Faqat O‘zbekistondan 2 ta brigada taklif etilgani bizning hakamlarga berilgan yuqori baho, nazarimizda.
— Ha, Osiyo kubogi tarixida ilk marta bitta mamlakatdan 2 ta hakamlar guruhi ishtirok etadi. Valentin bungacha qit’a miqyosidagi barcha musobaqalarda ishlagan. U haqli ravishda Osiyo kubogida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ishonamanki, Kovalenko berilgan imkoniyatdan foydalanib, yuqori malakali hakam ekanligini yana bir marta isbotlaydi.
— Fursatdan foydalanib, o‘zbekistonlik hakamlar va terma jamoamizga bo‘lajak musobaqada omad tilaymiz.
— Rahmat. Biz ham xalqimiz ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
Izoh (0)