O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin o‘zining 2015-yilgi tennis mavsumi yakkalik bahslaridagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Afsuski, Denis uchun “pochin” omadsiz chiqdi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Denis Qatar poytaxti Doxa shahrida davom etayotgan Qatar Exxonmobil Open 2015 musobaqasining ilk bosqichidayoq mag‘lubiyatga uchradi. Mukofot jamg‘armasi 1 million 221 ming 320 AQSh dollarini tashkil qiluvchi ushbu turnirning birinchi davrasida Denis dunyoning yettinchi, turnirning esa uchinchi raketkasi chexiyalik Tomash Berdixga 1:6, 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuv bir soat-u 2 daqiqa davom etdi. Berdix to‘qqizta “eys” zarbasini amalga oshirdi. Dunyo reytingida 48-o‘rinni egallab turgan Denis esa, aksincha, birorta ham “eys” zarbani bajara olmadi. Ikki tennischining o‘zaro to‘qnashuvlaridagi hisob 0:4 ga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, 5-dekabr kuni Istomin turnirning juftliklar musobaqasida rossiyalik Mixail Yujniy bilan birga Ruminiya va britaniyalik tennischilar tandemiga yutqazgan edi. Birinchi davrada qatnashgani uchun Denis Istomin 11 ming 60 dollarga ega bo‘ldi.
Izoh (0)