Toshkent shahar jamoat transporti tomonidan 2014-yilning 11 oyi davomida 318 million nafar yo‘lovchi tashildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Mohir Valiyev so‘zlariga asoslangan “Poytaxt transporti” gazetasiga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
2014-yilning yanvar—noyabr oylari davomida Toshkent shahrida avtobus saroylari tomonidan 246,6 million, “Toshkent tramvayi” unitar korxonasi tomonidan 14,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Ayni vaqtda, Toshkent metropoliteni 56,6 million nafar yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazib qo‘ygan.
Valiyevning qayd etishicha, kompaniya 2014-yilda 225 milliard so‘mdan ortiq daromad olishni kutmoqda, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilga nisbatan 8,5 foizni tashkil etmoqda.
Qayd etilishicha, hisobot davrida “Toshshahartransxizmat”ning yo‘nalish daromadlari 3,5 foizga, oylik yo‘l chiptalari daromadlari esa 8,3 foizga o‘sgan.
Izoh (0)