“Yolki 1914” (“Archalar 1914”) oilaviy komediyasi Rossiya kinoprokati yetakchisiga aylandi. Bu haqda “KinoBusiness.com”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, film premyeradan keyingi ilk dam olish kunlarida 224,4 million rubl ishlab topgan. Ma’lumot uchun, 2010-yilda ekranlarga chiqqan birinchi “Yolki” filmi birinchi to‘rt kunda 209 million rubl, 2011-yilda chiqqan “Yolki 2” filmi esa birinchi to‘rt kunda 246,9 million rubl, 2013-yilda ekranlarga chiqqan “Yolki 3” filmi esa birinchi to‘rt kunda 364,6 million rubl ishlagandi.
Qozog‘istonlik kinorejissyor Temur Bekmambetov g‘oyalari asosida suratga olinadigan “Yolki” filmlari Rossiyaning turli hududlarida va turli sharoitlarida istiqomat qilayotgan kishilar Yangi yilni qanday kutib olayotganligi haqida hikoya qiladi.
Xususan, “Yolki 1914” filmi voqealari 1914-yilda kechib (film shiori — “Bunday Yangi yil 100 yildan beri bo‘lmagan”), filmdagi olti novella davomida Rossiyaning yirik va kichik shaharlari hayoti, unda istiqomat qilayotgan badavlat va kambag‘al oilalarning turmushi haqida hikoya qiladi.
Qo‘shimcha sifatida, yakuniga yetgan hafta kinoprokati natijalariga ko‘ra “Yolki 1914”dan keyingi o‘rinni Gollivudning “Xobbit: Besh lashkar jangi” (ikkinchi o‘rin, 130 million rubl) va Rossiyada suratga olingan “Mami-3” (“Onalar-3”, uchinchi o‘rin, 45,5 million rubl) filmlari egallagan.
Izoh (0)