Afg‘onistonda keyingi 15 yil davomida yangi Kobul barpo etilishi mumkin. Yangi shahar qurilishi uchun 80 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Kabul New City Development nodavlat qurilish kompaniyasi rahbari Ilhom Umar Xo‘takiyning so‘zlariga asoslangan “TASS” axborot agentligiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
“Ayni paytda ushbu loyihaga prezident imzosi qo‘yilishi qolgan. Prezident rozilik bildirishi bilanoq qurilish ishlari boshlanadi. Bu shahar Bagram yaqinidagi, hozirgi AQSh harbiy bazasi va Xoji Ravosh aeroporti oralig‘ida bino qilinadi”, — dedi Ilhom Umar Xo‘takiy.
Xo‘takiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha beshta qurilish shirkati shu ishga jalb qilingan. Rejaga ko‘ra yangi shaharning hududi hozirgisidan ikki barobar katta bo‘ladi va 740 ming kvadrat kilometr maydonni tashkil etadi. Bu joyga 600 mingta uy quriladi. Bu shaharning qurilishi uchun 15 yil sarflanadi.
Ma’lumot uchun, hozirgi Kobulda 5 millionga yaqin kishi istiqomat qiladi va ularning faqat 1 millionga yaqini elektr va gaz-suv bilan ta’minlangan holda yashaydi. Qurilishi rejalashtirilayotgan yangi Kobul esa 2,5 millionlik aholiga mo‘ljallanib, shaharning barcha qismlari zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlanadi.
Bu shaharni qurish rejasi 8 yil oldin ishlab chiqilgan edi va hozirgacha faqat rejaligicha qolmoqda. Xalqaro tahlilchilarning fikricha, agar Afg‘oniston hududidan AQSh harbiy kuchlari olib chiqib ketiladigan bo‘lsa, bu reja yana qog‘ozda qolib ketadi.
Izoh (0)