O‘zbekistonning faol fermerlaridan biri, Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi fermer xo‘jaligi boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Komiljon Mamajonov vafot etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
K. Mamajonov 1939-yili Toshloq tumanida tug‘ildi. Mehnat faoliyatini dastlab Toshloq tumanidagi jamoa xo‘jaligi ishchisi vazifasidan boshlab, keyinchalik Toshloq tumani jamoa xo‘jaligi mexanizatori, brigada boshlig‘i vazifalarida mehnat qildi. 2003-yildan fermer xo‘jaligi boshlig‘i sifatida samarali faoliyat olib bordi.
K. Mamajonov o‘zining qariyb 60 yillik faoliyati mobaynida paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida fidokorona mehnat qildi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda fermerlik harakatini rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shdi. Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, dala mehnatkashlarining o‘z mehnatidan manfaatdorligini oshirish, turmush sharoitini yaxshilash borasida o‘zining mohir tashkilotchi, tashabbuskor rahbar sifatidagi fazilatlarini namoyon etdi.
Jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, Toshloq tumanidagi qishloq va mahallalarni obod qilish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash ishlarida ham tashabbus ko‘rsatdi.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. K. Mamajonov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor” faxriy unvoni va “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.
Mohir qishloq xo‘jaligi xodimi, kamtarin va mehnatkash inson Komiljon Mamajonovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.
I. Karimov, I. Sobirov, D. Toshmuhamedova, Sh. Mirziyoyev, Sh. G‘aniyev
Izoh (0)