Meksika olimpiya qo‘mitasining prezidenti Karlos Padilya 2024-yilgi yozgi olimpiada o‘yinlarini AQSh bilan birgalikda o‘tkazish taklifini ilgari surmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Ushbu masala yuzasidan muzokaralar o‘tkazish uchun ikki davlat olimpiada qo‘mitalari vakillari 2015-yilda o‘zaro uchrashishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, AQSh olimpiya qo‘mitasi 2024-yilgi yozgi olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun o‘z nomzodini ilgari surgan. Bu uchun dastavval mezbon shaharni aniqlash maqsadida ichki tanlov tashkil etiladi. Unga ko‘ra, 2015-yil boshida AQShning to‘rt shahri — Boston, Vashington, San-Fransisko va Los-Anjeles orasidan biri saralab olinadi.
2015-yilning 15-sentabriga qadar esa AQSh olimpiya qo‘mitasi g‘olib shahar nomini o‘yinlarga da’vogar shahar sifatida XOQga taqdim etadi. Shu tariqa, ushbu shahar 2024-yilgi yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish uchun da’vogar shaharlar qatoriga kiritiladi.
O‘z navbatida, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax AQSh olimpiya qo‘mitasining qarorini ma’qullashini va to‘rt shahardan qay biri g‘olib chiqqan taqdirda ham da’vogar shaharlar orasida eng kuchli nomzodlardan biri bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan.
Izoh (0)