Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) O‘zbekistonda shu yilning 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovini kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi joriy yilning 2–11 dekabr kunlaridagi kuzatuvlariga asoslangan oraliq hisobotini o‘z rasmiy saytida e’lon qildi, deb xabar bermoqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifidan so‘ng 28−30-oktabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lgan Ehtiyojlarni baholash missiyasi tavsiyalaridan kelib chiqib YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi 2-dekabr kuni saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasini tashkil qildi. Elchi Daan Everts boshchiligidagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiya a’zolari Toshkent shahrida 12 kishidan iborat asosiy guruh va 4−5-dekabr kunlari mamlakatning barcha hududlarida ish olib borayotgan 8 kishidan iborat uzoq muddatli kuzatuvchilardan tashkil topgan. Missiya a’zolari YXHTda ishtirok etuvchi 16 mamlakatdan tanlab olingan.
Hujjatda, shuningdek, qayd etilishicha, 15-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasi 21-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis quyi palatasiga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasini rasman e’lon qildi. Mahalliy kengashlarga saylovlar parlament saylovi bilan bir vaqtda o‘tkazilmoqda. Bo‘lajak saylovlarga, ayniqsa, Konstitutsiyaga kiritilgan so‘ngi o‘zgartishlarga binoan Bosh vazir nomzodini parlament quyi palatasida eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga olgan siyosiy partiya taklif etishini inobatga olgan holda muhim siyosiy tadbir sifatida qaralmoqda.
YXHT DIIHB kuzatuvchilarining ta’kidlashicha, o‘tgan saylovlardan so‘ng O‘zbekiston saylov qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritilgani hisobotda alohida qayd etilgan. Kiritilgan ayrim normalar YXHT DIIHB avvalgi tavsiyalarini inobatga olish nuqtai nazaridan qabul qilingan. Xususan, saylovoldi kampaniyasi tadbirlari va muddatidan oldin ovoz berishga doir batafsil me’yoriy hujjatlar qabul qilingan, O‘zbekiston ekologik harakatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash bo‘yicha konferensiyasini kuzatishga doir norma, shuningdek, qamoqda saqlash joylarida ovoz berish qonunchilikda ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, hisobotda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga saylov sohasida huquqbuzarlik haqida yangi bo‘lim kiritilgani aytib o‘tilgan. Bunday normalar sirasiga saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish, ularning qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish, shu jumladan saylovlarni moliyalashtirish, nomzodlar, siyosiy partiyalar haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish, saylov materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish, jamoat fikri so‘rovlari natijalarini va saylov natijalari taxminlarini chop etishga taalluqli normativ hujjatlarni buzish kiradi.
YXHT DIIHB ekspertlari Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy organ sifatidagi maqomini belgilaydigan hamda faoliyatining asosiy prinsiplari – mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, ochiqlik va adolatlilik belgilab qo‘yilgan Konstitutsiyadagi oxirgi o‘zgartishlarni alohida e’tirof etishgan. Komissiya majlislari siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar uchun ochiq o‘tkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi o‘z veb-sahifasiga ega ekanligi hamda jamoatchilikni saylov jarayoni hamda o‘z faoliyati haqida xabardor qilish uchun respublika matbuot markazini tuzgan. Saylovchilarni va boshqa manfaatdor tomonlarni saylov haqida xabardor qilish maqsadi Markaziy saylov komissiyasi keng miqyosli tadbirlarni, xususan, siyosiy partiyalar, mahallalar, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida davra suhbatlarini, jurnalistlar uchun treninglar, saylov jarayonining turli jihatlari xususida matbuot anjumanlari o‘tkazilishini, maqola va videomateriallar tarqatilishi maqsadida tashkil qildi.
Hisobotda aytilganidek, saylovlarni Markaziy saylov kosmissiyasi, 135 ta okrug saylov komissiyasi hamda uchastka saylov komissiyalari o‘tkazadi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy darajada saylov organlariga ko‘mak berishda muhim rol o‘ynaydi. Xususan, saylov uchastkalari chegaralarini aniqlash, saylov komissiyalari tarkibini shakllantirish, saylovchilar ro‘yxatini tuzishda mahallaning roli katta. Umuman olganda, hozirga qadar saylovlarni tashkil qilish muddatlariga rioya etilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari uchun treninglar davom etmoqda, 11-dekabrdan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki soni 20 million 789 ming 572 kishini tashkil etishni e’lon qildi.
Hisobotda uchastka saylov komissiyalariga 6-dekabrda taqdim qilingan, maxsus saylov uchastkalariga 14-dekabridan beriladigan saylovchilar ro‘yxati haqida ham so‘z boradi. Saylovchilar ro‘yxatning to‘g‘ri va to‘liqligini tekshirish hamda o‘zgartirish kiritish uchun murojaat qilish huquqiga ega. Uchastka saylov komissiyasi ularning murojaatlariga 24 soat ichida javob qaytarishi hamda o‘z qarorini asoslab berishi kerak. Uchastka saylov komissiyalari qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Saylov kuni saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmagan saylovchilar o‘z yashash joyini saylov uchastkasida isbotlab berishi, saylovchilarning qo‘shimcha ro‘yxatiga kiritilishi hamda ovoz berishi mumkin.
Qayd etilishicha, qonunchilikka binoan, nomzodlarni ko‘rsatish 17-oktabrdan 6-noyabrga qadar bo‘lib o‘tdi. Barcha siyosiy partiyalar 135 ta okrug bo‘yicha o‘z nomzodlarini ilgari surishdi. Yakuniy ro‘yxat e’lon qilingunga qadar 5 nafar nomzod chiqib ketganligi bois Markaziy saylov komissiyasi 535 nafar nomzodni ro‘yxatga oldi. Ularning 170 nafari, ya’ni 31,8 foizi xotin-qizlardir.
Ro‘yxatga olingan to‘rtta siyosiy partiya saylovoldi kampaniyasini o‘z platformalari va nomzodlarini jamoatchilikka elektron va bosma ommaviy axborot vositalari orqali taqdim qilish hamda mamlakat bo‘ylab saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilish orqali boshlashdi. Partiyalar dasturlari barqarorlik, birdamlik va izchil siyosiy-iqtisodiy islohotlarni qayd etgan holda asosan ijtimoiy himoya va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan. Deputatlikka nomzodlarning YXHT DIIHBning cheklangan kuzatuvchilar missiyasiga ma’lum qilishicha, ular o‘z saylovchilariga murojaat qilish uchun bilbordlar, posterlar, varaqalar, uchrashuvlar, ommaviy axborot vositalarida reklamadan foydalanmoqda.
YXHT DIIHB kuzatuvchilari oraliq hisobotda qayd etishicha, saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalarida hajmiga ko‘ra teng efir vaqti va nashr maydoni bepul berilmoqda, shuningdek, ular davlat va mustaqil ommaviy axborot vositalarida efir vaqti va nashr maydonidan pullik asosda foydalanish huquqiga ega.
Saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar umummilliy teleradiokanallarda haftasiga 238 minut bepul efir vaqti hamda davlat gazetalarida teng hajmida bepul nashr maydoni olishmoqda. Markaziy saylov komissiyasi YXHT DIIHBning cheklangan kuzatuvchilar missiyasiga ma’lum qilishganidek, xususiy ommaviy axborot vositalariga nomzodlarga teng hajmda qamrov imkoniyatlar taqdim etish tavsiya qilingan. 5-dekabr kuni YXHT DIIHBning cheklangan kuzatuvchilar missiyasi 4 ta televideniye stansiyalari va 8 ta gazetani monitoring qilishni boshladi.
Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari turli mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va assotsiatsiyalardan xalqaro kuzatuvchilar saylovlarni kuzatishini ko‘zda tutadi. Markaziy saylov komissiyasi YXHT DIIHBning cheklangan kuzatuvchilar missiyasidan tashqari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dan kuzatuvchilar ilg‘or guruhini ro‘yxatga olgan va 300ga yaqin xalqaro kuzatuvchilarni ro‘yxatga olishni rejalashtirgan. Qonunchilikka binoan, shuningdek, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari saylov jarayonini kuzatishi mumkin.
Xalqaro kuzatuvchilarni va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish davom etmoqda. Siyosiy partiyalar o‘z vakolatli vakillari va kuzatuvchilari ro‘yxatini okrug saylov komissiyalariga 6 dekabrga qadar taqdim qilishi mumkin edi. Barcha siyosiy partiyalar saylov kuni aksariyat saylov uchastkalariga maxsus o‘qitilgan vakillarini yuborish rejasini ma’lum qilishdi.
Izoh (0)