Buxoro viloyati Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan mast holda talonchilik qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Postda” gazetasiga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi Shuhrat ulfatchilikdan kelgan bo‘lsa-da, ichkilik kamlik qiladi. U o‘ylab o‘tirmay jiyaninikiga yo‘l oladi. Jiyanining uyda yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘layozgan Shuhratning xayoliga tanishi Ra’no keladi. U jiyani bilan qo‘shni edi. Ra’noning uyiga kelgan Shuhrat ziyofat ustidan chiqib qoladi. Ra’noning mehmoni bor edi. U o‘zini Egamberdi deb tanishtiradi.
Ziyofat oxirlayotgan mahal, Ra’no Egamberdidan oshxona ishchisi uchun pul to‘lab yuborishini so‘raydi. Mehmon cho‘ntagini kavlagan edi, bir dasta AQSh dollari chiqdi. Pullarni ko‘rgan Shuhratning niyati buziladi va Egamberdi bilan janjal chiqaradi. Mezbon ularni ajratib, Shuhratdan ketishini so‘raydi. Biroz vaqt o‘tgach, Egamberdi ham mehmondorchilikdan chiqadi. Bu vaqtda Shuhrat uni ko‘chada kutib turgan edi. Egamberdi janjallashishga urinayotgan Shuhratga javob qaytarmaydi va do‘stiga telefon qilib gaplashayotgan vaqtda Shuhrat uning cho‘ntagiga qo‘l tiqib, pullarni yulqib oladi hamda qochib ketadi.
Egamberdi hudud profilaktika inspektori orqali IIB navbatchilik qismiga ushbu xabarni etkazadi. Surishtiruv-qidiriv ishlari natijasida Shuhrat tezda qo‘lga olindi. Jabrlanuvchiga tegishli pullar qaytarildi. Shu bilan birga, unga yetkazilgan zarar undirildi. Sud esa Shuhratning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.
Izoh (0)