Gollandiyalik sayohatchi ayol Menon Ossevoort Massey Ferguson rusumli traktorda 2500 kilometr masofani bosib o‘tib, Janubiy qutbga yetib bordi, deb xabar bermoqda “Motor.ru”.
22-noyabr kuni Rossiyaning “Novolazarevskaya” Antarktika stansiyasidan yo‘lga chiqqan ekspeditsiyada unga yetti kishi, jumladan Massey Ferguson vakillari hamrohlik qildi. Traktor dvigatelida deyarli umuman nosozlik yuz bermagan. Guruh chodirlarda tunagan, traktor boshqaruvini Ossevoort vaqti-vaqti bilan fransiyalik sherigi bilan almashib turgan.
38 yoshli ayol bundan avval Janubiy qutbga o‘zining shaxsiy traktorida borishga urinib ko‘rgan. 2005-yil yozida yo‘lga chiqqan Ossevoort jami 17 davlatdan o‘tib Keyptaunga yetib borgan, biroq Antarktidaga boradigan kemaga ulgurmagan. Shundan keyin ortga qaytib, umrining to‘rt yilini sarflagan sayohati haqida kitob yozgan.
Izoh (0)