Navoiy viloyati Navbahor tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli 9-sonli umumta’lim maktabiga rahbarlik qilayotgan ayol va shu bilim dargohida faoliyat yurituvchi bosh hisobchi o‘zaro til biriktirib, qing‘ir yo‘lga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” nashri xabar bermoqda.
Maktab o‘qituvchilarining huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaati asosida mazkur muassasada tekshiruv o‘tkazildi. Natijada turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgani uchun aliment nafaqasini to‘lashi lozim bo‘lgan bosh hisobchining maktab direktori bilan til biriktirgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ular o‘z manfaatlarini ko‘zlab, 2013-yil noyabr oyidan 2014-yil apreliga qadar maktab jamoasining 20 nafarga yaqin a’zosi maoshiga ortiqcha pul yozdirib, jami 11 million 450 ming so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Bunda o‘qituvchilarning maoshiga pullar hujjatlarni soxtalashtirish orqali qo‘shib yozilib, plastik kartochkalariga tushirilgan. Kartochkalarni qo‘lga kiritgan direktor va hisobchi “ortiqcha pullar”ni yechib olgan.
Bundan tashqari, maktab maxsus komissiyasining moddiy yordam tariqasida ajratilgan pullarni to‘lab berish haqidagi buyrug‘i chiqmasdan turib, maktab direktori 935 ming 500 so‘m pulni o‘z kartochkasiga tushirib olgan. Unga, shuningdek, 2014-yilning yanvar oyida mehnat ta’tilida bo‘lishiga qaramay, 1 million 101 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ oylik maosh sifatida ajratilgan.
Yaqinda nafsi o‘pqon bu kimsalar o‘z jinoiy qilmishlari uchun sudda javob berishga majbur bo‘ldi, deyiladi nashrda.
Izoh (0)