“Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta’mirlash zavodida “Tog‘-kon ishlari uchun uskunalar ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda tahririyatga kelib tushgan press-relizda so‘z boradi.
Mazkur investitsion loyihada zavodning sobiq ekskovator uchastkasi o‘rnida yangi tog‘-shaxta uskunalari sexi ishga tushirilyapti. Hozirda ushbu yangi sexda Rossiya Federatsiyasi, Chexiya va Ukraina davlatlaridan keltirilgan uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish ishlari bajarilmoqda.
“Ushbu sex ishga tushishi bilan konchilikda zarur bo‘ladigan uskunalar ishlab chiqarila boshlanadi, — dedi MTMZ texnik bo‘lim boshlig‘i Sergey Larionov. — Shu kunlarda sexga Rossiyaning Ivanova shahridan IR-1400 rusumli ichki yuza qismga ishlov berish uskunasi, Chexiyadan SKD-6000 rusumli tokarlik chambarak uskunasini hamda 1K-670 og‘ir tokarlik dastgohlari keltirilib, montaj ishlari olib borilmoqda. Rossiyalik, chexiyalik, ukrainalik mutaxassislar tomonidan mazkur uskunalar o‘rnatilib, xodimlarimizga uskunalarning ishlatish tartibi o‘rgatilmoqda”.
Mahalliy, import o‘rnini bosuvchi tog‘-kon ishlarini bajarishda foydalaniladigan uskunalarni ishlab chiqarishni tashkil etish, ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uskunalarni zarur ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, tog‘-kon ishlarida ichki bozor ehtiyojini zarur uskunalar bilan ta’minlash loyihaning pirovard maqsadi hisoblanadi.
Mazkur sex to‘la quvvat bilan faoliyat yuritishi natijasida tog‘-kon ishlari uchun zarur bo‘ladigan MShR tegirmonlariga zoldirlar, turli GIL-32 va GST-71 g‘alvirlari(groxot), GrAT85 va GrAT 700 shaxta vagonetkalari, GS-250-750 gidrotsiklonlari, konveyr lentalari, LS-10, LS-17, LS-30 qotirish lebedkalari ishlab chiqariladi.
Izoh (0)