Toshkentda “VAZ-2106” haydovchisiga pichoq bilan tahdid qilib, pullari va telefonini olib qo‘ygan jinoyatchilar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Na postu” gazetasi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi kishi ishdan bo‘sh vaqtlarida o‘zining “VAZ-2106” rusumli avtomobilida odamlarni tashib, qo‘shimcha daromad qilar edi. Shunday kunlarning birida uni ikki yigit to‘xtatib, poytaxtning Mirobod tumanigacha olib borib tashlashni so‘raydi. Ular taklif qilgan narx haydovchini qoniqtirgani uchun u rozi bo‘ladi.
Biroq “mijozlar” manzilga yetmasdan avtomobilni to‘xtatishni so‘raydi. Haydovchi ularning yana biror joyga kirish esiga tushgandir, deb o‘ylab mashinani to‘xtatadi. Biroq aslida yigitlar yon-atrofda hech kim yo‘qligini payqab, to‘xtashni so‘ragani ma’lum bo‘ladi va ular pichoq bilan haydovchiga tahdid qilib, undan pul va qimmatbaho buyumlarini berishni talab qiladi. Yolg‘iz holda qurollangan ikki zo‘ravonga qarshilik ko‘rsatishga tavakkal qilmagan haydovchi 120 ming so‘m pul va mobil telefonini ularga berib yuboradi.
O‘ljani qo‘lga kiritgan jinoyatchilar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, haydovchi yengil tin oladi va o‘zini so‘yib, mashinasini olib ketishmaganiga shukr qiladi. Biroz o‘tgach esa agar ular to‘xtatilmasa, boshqa birovga nisbatan xuddi shunday qilishi mumkinligini o‘ylab, ichki ishlar xodimlariga murojaat qiladi. Huquq muhofazachilari tomonidan ikkala jinoyatchi ham qo‘lga olingan bo‘lib, ularning biri Toshkent shahrining Bektemir tumanida yashashi, ikkinchisi Qo‘qon shahridan kelgani ma’lum bo‘lgan.
Izoh (0)