O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan mamlakatdagi barcha temiryo‘l xodimlariga qutlov yo‘lladi. Tabrikning to‘liq matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
Qutlovda qayd etilganidek, hozirgi vaqtda O‘zbekiston bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston temiryo‘lchilari kuch-g‘ayrati bilan 1100 kilometrdan ziyod yangi temir yo‘l tarmoqlari barpo etildi. 3800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1000 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Ana shunday katta ishlar natijasida temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6500 kilometrga yetdi va ular respublikaning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo‘ldi.
“Kompaniyaning yo‘l xo‘jaligi, ‘O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi’ ochiq aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchilar tashish bo‘linmasi va ‘O‘ztemiryo‘lkonteyner’ yuk tashish tuzilmasi, shuningdek, qurilish tashkilotlari va boshqa tarkibiy qismlari mamlakatimiz temir yo‘l tizimini rivojlantirish va uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda”, — deyiladi tabrikda.
Ta’kidlanganidek, kompaniya tashkil etilgan kundan buyon yuk tashishlar 1,5 barobar, yo‘lovchi tashish esa 1,3 barobar ko‘paygani, temir yo‘llar orqali 1 milliard 400 million tonna yuk tashilgani va 350 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani uning salohiyati va imkoniyatlari tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Izoh (0)