Moskvadagi Vnukovo aeroportida Falcon samolyoti bilan to‘qnashib ketgan qor tozalovchi mashina haydovchisi Vladimir Martinenko halokatdan oldin shifokor ko‘rigidan o‘tgach ishga kirishgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
“Himoyam ostidagi shaxs ishga kirishishidan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tgani va shifokor unga rasman ruxsat bergani haqidagi hujjatlar bor. Shundan keyin u avtomobilni olish uchun borgan”, − dedi haydovchining advokati Aleksandr Karabanov.
Shuningdek, Martinenkoning o‘zi ishga chiqishdan oldin likyor qo‘shilgan qahva ichganini tan olgani ham ma’lum qilingan. Tibbiy ekspertiza natijasida uning qonidan oz miqdorda alkogol topgilgan.
Avvalroq, Total prezidenti Kristof de Marjeri va uch ekipaj a’zosi o‘rin olgan yengil dvigatelli samolyot Vnukovo aeroportida qor tozalovchi mashina bilan to‘qnashib ketishi oqibatida samolyotdagi barcha kishilar halok bo‘lgani, hech qanday zarar ko‘rmagan qor tozalovchi mashina haydovchisi esa mast holatda bo‘lgani aniqlangani hamda u ikki sutkaga hibsga olingani xabar berilgan edi. Haydovchining advokati esa gumondor surunkali yurak xastaligi bilan og‘rigani tufayli umuman spirtli ichimliklar iste’mol qilmasligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)