O‘zbekiston OITSga qarshi global kurashda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan 7000 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.
Ushbu illatning tarqalish yo‘llari va uning oldini olish haqida ma’lumotlar taqdim etilgan turli uslubiy materiallar, bukletlar, qo‘llanmalar chop etilib, o‘quv muassasalari, tashkilotlar va jamoat joylarida tarqatildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati loyihalarini amalga oshirishda faollik ko‘rsatayotganlar orasida o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Poytaxt yoshlari o‘rtasida OIV/OITSning oldini olishda Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi muhim o‘rin tutmoqda. O‘tgan o‘quv yilida boshqarma xodimlari tomonidan OIV/OITS, giyohvandlik va boshqa zararli odatlarga qarshi kurashga qaratilgan va poytaxtning barcha umumta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan dasturning barcha bandlari atroflicha ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq 7—9-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari uchun “OIV infeksiyasi va uni yuqtirish yo‘llari haqida nimalar bilasiz?” mavzusida seminarlar, o‘quv mashg‘ulotlari, aksiyalar va shifokorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. 4—7-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Biz OITSga qarshimiz” shiori ostida aksiya o‘tkazildi.
Maktab o‘qituvchilari uchun esa o‘qitish jarayonida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini joriy etishga bag‘ishlangan treninglar tashkil etildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan bunday kompleks tadbirlar yosh avlodni xavfli infeksiyani yuqtirishdan asrash, ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va porloq kelajagini ta’minlash imkonini beradi.
Izoh (0)