18-oktabr, shanba kuni “Rossiya 1” telekanalida “O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi” nomli hujjatli film premyerasi bo‘lib o‘tdi. Film O‘zbekistonning qadimgi tarixi, uning yodgorliklari va shu yerda yashab, ijod qilgan buyuk shaxslari haqida hikoya qiladi, deb xabar bermoqda 12news.uz.
Film bosh prodyuser Saida Medvedeva rahbarligidagi “Masterskaya” kinokompaniyasining ijodiy guruhi tomonidan yaratilgan. Ijodiy izlanish yo‘nalishi Toshkentdan boshlanib, Samarqand, Buxoro va Xiva tomon davom etgan.
Qadimgi ko‘chalarda rossiyalik rejissyorlarga O‘zbekiston elektron OAVlari Milliy assotsiatsiyasi a’zolari hamrohlik qilgan.
Suratga olish guruhi milliy mato hisoblangan shoyining salqinligi, mashhur Samarqand qog‘ozining umrboqiyligi, palovning betakror ta’mi hamda o‘zbek nonlarining yoqimli hidi bilan bog‘liq bir necha asrlik sirlarni bilib olishga muvaffaq bo‘ldi.
https://www.youtube.com/watch?v=0vOEGZdwZXc
“Qachonlardir bu yerdan Yevropa va Osiyoni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Bu yerda Ibn Sino, Beruniy va Ulug‘bek singari buyuk olimlar, Alisher Navoiydek shoir, Xo‘ja Nasriddin singari faylasuflar tug‘ilgan. Bugun ham ming yillar avvalgidek sahro o‘rtasida gullayotgan o‘lka, zamonaviy O‘zbekiston o‘z tarixini faxr bilan yodga olib, kelajakka katta ishonch bilan qaraydi”, — deya dublyaj ustasi Sergey Chonishvilli filmga ovoz bergan.
Mazkur hujjatli filmda o‘rta asrlar Sharqining mashhur olim va faylasuflari qoldirgan ijodiy merosining hozirgi zamon sivilizatsiyasi tarixida tutgan roli va o‘rnini yoritishga alohida urg‘u berilgan.
Shu bilan birgalikda mualliflar bugungi kunda O‘zbekistonda o‘z bilim va iste’dodiga ega yangi avlod shakllanayotgani, ularga bu yerda alohida e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.
Rejissyor Margarita Kuklina so‘zlariga ko‘ra, ijodiy guruhning ishi alohida e’tiborga molik faktlar, qiziqarli uchrashuvlar, hikoya va afsonalar bilan boyitilgan.
“O‘zbekiston — ajoyib mamlakat. Bizda odamlarning munosabati va mehribonligi, o‘lkadagi atmosfera o‘zgacha tasavvur uyg‘otdi. Biz o‘zimizning barcha iliq tuyg‘ularimizni mana shu film orqali bildirmoqchimiz”, — dedi rejissyor.
“O‘zbekiston. Qumliklar marvaridi”ni tomosha qilgan Facebook foydalanuvchilari mazkur hujjatli filmga ijobiy baho bergan. Umuman olganda, video, matn, berilgan ovoz — barchasi tomoshabinlarga ma’qul kelgan.
Shu bilan birgalikda, foydalanuvchilar filmning ayrim kamchiliklarini ham sanab o‘tgan. “Makedoniyalik Aleksandr haqida ma’lumot berilganda, 327-yil deb aytildi. Bu voqea miloddan avval sodir bo‘lganini qayd etish yodlaridan ko‘tarilgan”, — deb yozdi foydalanuvchilardan biri.
Izoh (0)