Toshkent shahridagi “Fleshka” savdo majmuasida Samsung Galaxy S5 smartfonining ikki SIM-kartada ishlaydigan turi sotila boshlandi. Bu haqda Mobinfo.uz ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Ushbu smartfon Samsung Galaxy S5 Duos deb nomlanadi va u Galaxy S5 smartfonidan faqatgina ikki SIM-kartali ekanligi bilan farq qiladi. Ularning dizayni ham, texnik tavsiflari ham bir xil. Unda 5,1 dyuym 1080×1920 pikselli Super AMOLED displey, 2,5 GGs chastotaga ega to‘rt yadroli Snapdragon 801 protsessori, 2 Gb tezkor va 16/32 Gb ichki xotira (+MicroSD), 2 megapikselli old va 16 megapikselli orqa kamera, 2800 mA·soat quvvatga ega batareya, Android 4.4.2 KitKat operatsion tizimi o‘rnatilgan.Smartfon eng yuqori darajada quvvatni tejash funksiyasiga ham ega. Shuningdek, Galaxy S5 Duos smartfonida ham xuddi Galaxy S5’dagi kabi sensorlar, NFC, Wi-Fi, 3G, LTE, GPS, GLONASS va suv hamda changga chidamlilik sertifikati mavjud.
Ikki SIM-kartali Galaxy S5 smartfonida SIM-kartalarni biridan biriga bitta tugmani bosish bilan o‘tkazish, Always On funksiyasi bilan ikkinchi SIM-kartaga kelgan qo‘ng‘iroqni o‘tkazib yubormaslik — bunda birinchi SIM-karta faol holatda bo‘lsa, ikkinchi SIM-kartaga kelgan qo‘ng‘iroq birinchisiga yuboriladi.
15-oktabr holatiga ko‘ra Samsung Galaxy S5 Duos smartfoni “Fleshka” savdo majmuasida 1 600 000 so‘mdan sotilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Galaxy S5 smartfonini esa 28-sentabr holatiga ko‘ra ushbu majmuada 1,7 million so‘mdan xarid qilish mumkin.
Shuningdek, O‘zbekistonda sotilayotgan eng qimmat smartfonlar va ularning narxlari bilan “Parol” nashrining ushbu maqolasida tanishishingiz mumkin.
Izoh (0)