2015-yil Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga Qozog‘iston raislik qiladi. Mazkur mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyevning juma kuni Minskda bo‘lib o‘tgan MDH sammitida ma’lum qilishicha, Qozog‘iston o‘z raisligi doirasida tashkilotni rivojlantirishga qaratilgan yangi konsepsiya ishlab chiqish ishlarini boshlashni mo‘ljallamoqda. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Biz Hamdo‘stlikning 25 yilligiga qadar tashkilotga raislik qiladigan vaqtimizda MDH taraqqiyotining yangi konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerak deb hisoblaymiz”, — deb qayd etdi Qozog‘iston rahbari. Shu o‘rinda Nazarboyev yangi konsepsiya “MDHning barcha davlatlari bilan maslahatlashgan holda” ishlab chiqilishi mo‘ljallanayotganini ma’lum qildi.
Nursulton Nazarboyevning ta’kidlashicha, Qozog‘iston o‘z raisligi davomida faoliyatini Hamdo‘stlikka a’zo barcha davlatlar bilan muvofiqlashtirib amalga oshirishni rejalashtirgan. Shuningdek, u Qozog‘iston kelasi yilning to‘rtinchi choragida MDH sammitini o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Izoh (0)