“Vongfong” superto‘foni Yaponiyaning eng janubiy Okinava prefekturasiga yaqinlashib qolgan va shanba, 11-oktabr kuni ertalab asosiy orol sohillariga yopirilishi mumkin, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Yaponiya meteorologiya boshqarmasi to‘fonning hajmi ulkanligini va haddan tashqari kuchliligini e’tirof etgan. To‘fon markazida bosim 920 gektopaskalni, shamol tezligi 50 metr/sekundni tashkil etishi aytilmoqda. Bunday kuch elektr ta’minoti ustunlarini buzib tashlash uchun yetarli bo‘ladi. Tunda Okinavada yog‘ingarchilik soatiga 80 millimetrga, ertaga kunduzi esa 200 millimetrgacha chiqishi taxmin qilinmoqda.
Avval xabar berilganidek, dam olish kunlari to‘fon shimolroqqa harakatlanib, Kyusyu oroliga yetib boradi. Kelayotgan dushanba kuni esa Yaponiyaning eng katta oroli − Xonsyuga yopirilib, seshanba kuni markazga, jumladan Tokioga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta oxirida Yaponiyaning markaziy qismiga “Fanfon” to‘fonining yopirilishi natijasida 6 kishi halok bo‘lgan va 4 kishi bedarak yo‘qolgan, 1,9 million kishi evakuatsiya qilingan; quruqlik transporti harakatida uzilishlar bo‘lib, 607 ta aviareys bekor qilingan edi.