“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan O‘zbekiston jamiyatida kasaba uyushmalarining roli va ularning faoliyati samaradorligini o‘rganishga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Jamoatchilik fikri monitoringi shuni ko‘rsatdiki, unda ishtirok etganlarning 97,5 foizi o‘z ish joyidagi kasaba uyushmasi a’zosidir. Buning boisi kasaba uyushmalari fuqarolarga turli imtiyozlar taqdim etib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi, aniq manzilli ijtimoiy va boshqa yordam ko‘rsatadi.
So‘rov qatnashchilarining ko‘pchiligi kasaba uyushmasi tashkilotlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ijobiy baholaydi va ushbu jarayonda korxona hamda tashkilotlarda yangiliklar joriy etilgani, davlat, ish beruvchi va kasaba uyushmalari o‘rtasida amaliy ijtimoiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish imkonini bergan tadbirlar o‘tkazilganini qayd etdi. Xususan, ular O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq o‘z tashkilotlari bilan jamoaviy shartnoma tuzgan. Bundan tashqari, ishtirokchilarning aksariyati ushbu shartnomalarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.
Ishtirokchilarning fikricha, korxona va tashkilotlarda jamoaviy shartnomalar tuzilishi samarasida mehnat unumdorligi va boshqa ko‘rsatkichlar oshmoqda.
So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tashabbusi bilan korxona va tashkilotlarning mehnat shartnomalariga xotin-qizlar, yosh mutaxassislar va ishchilar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, ularga qo‘shimcha imtiyozlar berish bo‘yicha kiritilgan ko‘plab qoidalarni ijobiy baholaydi. Barcha faoliyat sohalarida xotin-qizlar ishtiroki kengayib bormoqda. Ishtirokchilar o‘zlari mehnat qilayotgan tashkilotlarda rahbarlik lavozimida mehnat qilayotgan xotin-qizlar soni ko‘paygani, bu ularning kasb mahorati va bilim darajasi oshayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Tadqiqot ishtirokchilarining fikricha, kasaba uyushmalari faoliyatiga doir islohotlarni amalga oshirishni yanada faollashtirish mehnatkashlarni huquqiy himoya qilish sohasida kasaba uyushmalari imkoniyatlarini kengaytirish, jamoaviy shartnomada ko‘zda tutilgan barcha shartlar bajarilishi, zararli mehnat sharoitlari uchun ishchi-xodimlarga kompensatsiya to‘lashni nazorat qilish, ishlayotgan yosh bolali ayollarga beriladigan imtiyozlarni kengaytirish bilan bog‘liq bo‘lishi lozim.
Ushbu tadqiqot natijalari bugungi kunda kasaba uyushmalari fuqarolarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilib, ularning mehnat va kasb huquqlari himoyasini ta’minlayotgan eng ommaviy jamoat tashkiloti ekanidan dalolat beradi.
Izoh (0)