6-oktabr, dushanba kuni O‘zbekiston yoshlari Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Myanmaga jo‘nab ketdi. Myanmaga uchib ketish oldidan Ravshan Haydarov tayyorgarlik haqida qisqacha o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Championat.asia xabar bermoqda.
“Toshkentdagi oxirgi yig‘inni ham yakunladik. Unda futbolchilarning holati haqida zarur ma’lumotga ega bo‘ldik. Jamoaviy o‘yinni shakllantirishga katta e’tibor qaratdik. Bu yog‘iga bizni rasmiy o‘yinlar kutib turibdi. Shu sababli har bir kundan unumli foydalanishga harakat qildik. Bugungi nazorat bahsi tegishli xulosalar chiqarishga yanada katta yordam beradi”, — dedi murabbiy.
Ravshan Haydarov raqiblarni o‘rganish jarayoni haqida fikr bildirar ekan, har bir raqib jamoa to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot to‘planganini ta’kidladi: “Indoneziya, BAA va Avstraliyani diqqat bilan o‘rgandik. Birinchi turdagi raqibimiz Indoneziya yig‘inni Ispaniyada o‘tkazganidan xabarimiz bor. Ular ‘Real’, ‘Barselona’ va ‘Valensiya’ singari klublarga qarshi o‘yinlarda maydonga tushdi. BAA ham Yaponiyada shug‘ullandi”.
O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi jamoa oldiga chiroyli o‘yin ko‘rsatgan holda jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish maqsadi qo‘yilganini qayd etdi.
Jamshid Boltaboyev holati haqidagi savolga javob berar ekan, murabbiy unda kichik jarohat borligini aytdi. “Menimcha, Jamshid bizga ikkinchi turdan boshlab yordam beradi. Dastlabki o‘yingacha to‘liq tiklanib ulgurmaydi. Bir uchrashuvni o‘tkazib yuborsa ham to‘liq tiklanib olsa, kifoya”, — dedi Ravshan Haydarov.
Izoh (0)