Samsung’ning yarim o‘tkazgichlar biznesi bo‘yicha direktori Kim Ki-namning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Apple qurilmalari uchun o‘zining yangi avlod protsessorlarini yetkazib beradi va bu bilan kompaniya daromad ko‘rsatkichlarining o‘sishini mo‘ljallamoqda. Bu haqda Phonearena.com ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Samsung kompaniyasi Apple uchun yaqin orada 14 nanometr o‘lchamdagi Apple A9 – yangi avlod protsessorlarini ishlab chiqaradi. Taxminlarga ko‘ra ushbu jarayon yil oxiriga qadar boshlanadi.Apple kompaniyasining yangi iPhone 6 hamda iPhone 6 Plus smartfonlarida 20 nanometr o‘lchamdagi Apple A8 protsessorlari ishlatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra Apple A8 protsessorlarining 30 foizini Samsung, qolgan 70 foizini esa TSMC – Tayvan yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi yetkazib beradi.
Samsung kompaniyasi Apple A9 protsessorlarini 14 nanometr o‘lchamda ishlab chiqarishga va’da bergan bo‘lsa, TSMC esa yangi avlod protsessorlarini 16 nanometr o‘lchamda ishlab chiqara olishini bildirgan.
Samsung kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 14 nanometrli protsessorlar 20 nanometrlilaridan ko‘ra 35 foiz kamroq energiya sarflaydi, 20 foiz tezroq ishlaydi va 15 foizga kichikroq.
Izoh (0)