Xitoy Xalq Respublikasi so‘nggi kunlarda Gonkong shahrida o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlarini bostirish borasida shahar hukumati tomonidan olib borilayotgan harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda France-Presse agentligi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Biz mazkur muammoni hal qilishga harakat qilayotgan Gonkong hukumatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz Gonkongdagi har qanday noqonuniy harakatlarga qarshimiz”, — deb ta’kidladi XXR TIVning rasmiy vakili Xua Chunyin brifing davomida.
Shanba kuni Occupy Central (“Sentralni egalla”) norozilik aksiyasi boshlanib, unda ishtirok etganlar shaharning savdo markazini o‘rab oldi. Shuningdek, namoyishchilar hukumat majmuasiga bostirib kirishga harakat qildi. Hukumat aholining mazkur faol qismini tartibni buzganlikda, namoyishchilar esa hukumatni haddan ziyod ko‘p kuch ishlatganlikda ayblamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya bilan bo‘lgan to‘qnashuvda kamida 56 kishi jabr ko‘rgan. 89 nafar aksiya ishtirokchisi jamoat joylarida bezorilik qilish va hukumat binolari hamda shahar ko‘chalarini o‘rab olishda ayblanib, hibsga olindi.
Namoyishchilar ayni damda yetti million aholi istiqomat qiluvchi Gonkongda o‘rnatilgan ikki bosqichli saylovlar o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini talab qilmoqda.
Alohida ma’muriy tuman hisoblangan Syangan (Gonkong) ma’muriyati rahbari Lyan Chjenyin avvalroq saylov islohotlari bilan bog‘liq maslahatlashuvlarning yangi raundi o‘tkazilishini ma’lum qilib, aksiya ishtirokchilarini “noqonuniy” namoyishlardan tiyilishga chaqirdi.
Izoh (0)