Qobuldagi prezident saroyida Afg‘oniston va AQSh o‘rtasida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda yangi prezident Ashraf G‘ani Ahmadzay ma’muriyatiga tayanib “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Joriy yil oxirida NATOning asosiy kuchlari mamlakatni tark etganidan keyin Vashingtonning Afg‘oniston hududida cheklangan harbiy kontingentni saqlab qolishini ko‘zda tutadigan va AQSh qo‘shinlarining maqomini belgilab beradigan shartnoma prezident qasamyodi marosimidan bir kun o‘tib imzolandi va yangi davlat rahbarining amalda ilk mustaqil qarori bo‘ldi. Afg‘oniston nomidan marosimda sobiq ichki ishlar vaziri, kecha milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi etib tayinlangan Hanif Atmar, AQSh nomidan Qobuldagi elchi Jeyms Kanningem qatnashdi.
Bu masala o‘tgan sakkiz oy davomida prezidentlik saylovlarining bosh mavzusi bo‘lib kelayotgan edi. Prezidentlikka ikkala nomzod − Ahmadzay ham, Abdulla Abdulla ham saylovlardan keyinoq bu shartnomani imzolashni va’da qilgan edi. Avvalgi prezident Hamid Karzay Vashington tomonidan Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik to‘g‘risida kafolat olmagunicha shartnomani imzolashdan bosh tortgan edi.
Xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma AQShning cheklangan harbiy kontingentining Afg‘oniston hududidagi keyingi faoliyatini belgilab beradi. 2015-yil boshigacha AQSh qo‘shinlari 9,8 minggacha qisqarishi taxmin qilinmoqda. Yil davomida ularning soni yana 2 baravarga qisqaradi, 2016-yil oxirida esa Vashingtonning so‘nggi ofitser va askarlari Afg‘onistonni tark etadi. Ayni paytda mamlakatda 30 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmatchilar mavjud.
Izoh (0)