Internetda Apple iPhone 6 smartfonlari oson buklanishi va qayrilishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Hatto YouTube’ga iPhone 6 smartfoni qo‘l bilan qayirib ko‘rsatilgan video ham joylandi. Ammo iPhone 6 smartfonalari rostdan ham shunchalik oson buklanuvchanmi, degan savol tug‘iladi.
The Verge xodimlari ham ushbu savol yuzasidan izlanish olib borishdi va Apple ularni o‘zining iPhone 6 smartfonlari sinovdan o‘tkaziladigan hududga olib kirdi. Aslida bu joyga begonalar deyarli umuman kiritilmaydi. Nashrning ta’kidlashicha, oxirgi marta 2010-yil, iPhone 4 smartfoni bilan muammo chiqqanda, Apple bir nechta OAV xodimlarini kompaniyaning sinov binosiga olib kirgan ekan.
Apple kompaniyasining butun jahon marketing bo‘lim boshlig‘i katta o‘rinbosari Fil Shiller iPhone 6 sinovdan o‘tkazilish jarayoni haqida ma’lumotlar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iPhone 6 smartfoni yuzlab sinovdan o‘tkazilgan, minglab Apple xodimlarining cho‘ntagida sinalgan. Shuningdek, Apple mahsulotlariga yangi funksiyalar, xususiyatlarni qo‘shar ekan, uning kamchiliklarini foydalanuvchilardan oldin kompaniyaning o‘zi topishi kerak.
Apple aynan iPhone 6 smartfonlari ustida boshqa mahsulotlariga nisbatan juda ko‘p sinov o‘tkazgan. Bunda o‘ttiz ming dona iPhone 6 smartfoni turli xil sinovlardan o‘tkazilgan.
Apple’ning iPhone 6 ustida o‘tkazgan sinovlaridan biri bu buklash bo‘lib, smartfon ustiga og‘ir yuk qo‘yiladi va 25 kg vazndagi kuch bilan bosiladi. Fil Shillerning ta’kidlashicha, ma’lum bir miqdordagi kuch ta’sirida nafaqat iPhone, balki istalgan telefon ham sinib ketadi.
iPhone 6 smartfonlari cho‘ntak sinovlaridan ham o‘tadi. Ushbu sinov shunchaki cho‘ntakda sinash bilan emas, odamlarning turli xil joylarda – yumshoq o‘rindiqlar, qattiq joylar, ma’lum burchak ostidagi o‘rindiqlarda o‘tirgan holatlarida o‘tkaziladi.
Keyingi sinov esa iPhone 6 smartfonini qayirish ustida bo‘lib o‘tadi. Apple’ning har bir gadjeti ming marta ushbu sinovdan o‘tkazilgan.
“Parol” nashri Apple iPhone 6 Plus smartfonini g‘alati sinovlardan o‘tkazayotgan yoki “qiynayotgan” Richard Rayanning jami olti qismli videolarini taqdim etmoqda. Unda video muallifi iPhone 6 Plus planshetofonini muzlatib, bolg‘a bilan urib ko‘rgan, avval suvga, keyin esa betonga tashlagan, mikserda aralashtirgan, miltiqdan o‘qqa tutgan va 3000 daraja issiqlikdagi olovda yondirgan edi. Uning videolaridan ham ko‘rish mumkinki, iPhone 6 smartfonlarida yetarli darajada mustahkam metal ishlatilgan.
Apple iPhone 6 smartfonlarini buklash va qayirish sinovlaridan o‘tkazishi tasvirlangan barcha suratlarni “Parol” nashrining ushbu maqolasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)