Amerikalik va chililik astrofiziklar yangi shakllanayotgan sayyoralar tizimida ilk bora yulduzli shamollarning belgilarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda AQSh Milliy radio astronomiya rasadxonasi xabar bermoqda.
Olimlar yerdan qariyb 407 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan Ilon eltuvchi yulduzlar turkumida joylashgan T Buqa turidagi bog‘liq yulduzlar juftini tadqiq qildi. Chilidagi ALMA rasadxonasidagi izlanishlar natijasida ushbu sayyorasifat obyektlar atrofida yulduzli shamollar harakatlanmoqda degan xulosaga kelingan.
T Buqa turidagi yulduzlarni oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi, lekin ularni infraqizil hamda millimetrli diapazonlarda kuzatish mumkin. Bunday obyektlar hali juda yosh hisoblanadi. Bizning Quyosh ham 4,5 milliard yil avval aynan T Buqa turidagi yulduz bo‘lgan.
Atronomlarning yangi tadqiqotini bunday turdagi ilk kuzatuvlardan deb baholash mumkin. Shu paytgacha olimlar yulduzli shamolni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga muvaffaq bo‘lmagan. Ammo, tadqiqotchilar baribir kuzatilgan holat yulduzli shamol yoki yulduzlar juftligining o‘zaro harakati natijasi ekanligiga amin emaslar.
Izoh (0)