Sog‘lom bola yilida Jizzax shahridagi mahallalarda 12 dam olish xiyoboni barpo etildi. Yetti milliard 700 million so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bunday madaniy maskanlarda sun’iy qoplamali futbol maydonchalari ham tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shaharning “Zargarlik” mahallasida barpo etilgan uchta ana shunday maskanning har birida bolalar maydonchasi, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 50, 70 kvadrat metrli sun’iy qoplamali futbol maydonchalari bo‘lgan mo‘jaz dam olish majmualarida aholining bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shu yilning o‘tgan davrida Jizzax tumanida uchta, Zomin tumanida ikkita, Paxtakor, Yangiobod tumanlarida bittadan mahallada — viloyat bo‘yicha 19 ta ana shunday majmua barpo etildi. Xiyobonlar, bolalar maydonchalari va sun’iy qoplamali futbol maydonchalarini qurish tadbirkor va homiylar ko‘magida, hashar asosida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bu inshootlarni qurish uchun 10 milliard 408 million so‘mlik ish bajarildi. Yil oxiriga qadar barcha tumanlarda eng kamida bittadan shunday maydonchalar barpo etish mo‘ljallanmoqda.
Izoh (0)