Prezident Islom Karimovning joriy yil 27-iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014—2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturida kommunal xo‘jalik, uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqa tegishli tarmoqlar zimmasiga tizimdagi ishlarni talab darajasida yo‘lga qo‘yish, iste’molchilarga kuz-qish mavsumida uzluksiz hamda sifatli xizmat ko‘rsatish borasida katta mas’uliyat yuklangan. Bu borada poytaxtda ham muayyan yumushlar bajarilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Toshkent shahar hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qozonxonalar, issiqlik trassalarini kapital hamda joriy ta’mirlashga alohida e’tibor berilmoqda. Kuz-qish mavsumi oldidan barcha isitish tizimlari yuqori bosim ostida to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ko‘p qavatli uy-joy fondini qish mavsumiga to‘liq tayyorlash maqsadida uy-joylarning bir million 527 ming kvadrat metr tom qismi mukammal va joriy ta’mirdan chiqarildi. 9400 dan ortiq kirish yo‘laklari ta’mirlanib, eshiklarga kodli qulflar o‘rnatildi. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylardagi 1371 lift ta’mirlanib, uylar atrofiga 368 bolalar maydonchalari qurildi; mavjud 1108 shunday maskan ta’mirlandi.
“O‘zkommunxizmat” agentligi tizimidagi korxonalar ham kuz-qish mavsumiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 24 kilometr issiqlik, 12 kilometr gaz, 21 kilometr ichimlik, besh kilometr oqova suv va 351 kilometr elektr tarmoqlari, 20 dan ortiq issiqlik yetkazib beruvchi qozonlar, 383 tranformator punktlari mukammal ta’mirdan chiqarildi. 770 kilometr issiqlik, ichimlik, oqova tarmoqlari, mingdan ortiq transformator punktlari hamda 540 dan ziyod issiqlik yetkazib beruvchi qozonlar ta’mirlandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sherdor kommunalchi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tarkibidagi yettita ko‘p qavatli uyning ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari sifatli ta’mirlandi. Bu ishlarning asosiy qismi aholi ko‘magida amalga oshirildi.
“Qishga tayyorgarlik jarayonida tizimdagi uylarning barcha yo‘laklariga temir eshiklar o‘rnatildi, ularning yettitasi kapital ta’mirdan chiqarildi, — dedi mazkur uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Gulmira Abdujabborova. — Uyning oldi panjara bilan o‘ralib, yo‘laklarga tosh yotqizildi. Mahalla faollari bilan hamkorlikda to‘lovlarni undirish, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydik. ‘Ipotekabank’dan olingan 50 million so‘mlik kredit evaziga 2600 kvadrat metr tom ta’mirlandi. Xonadonlardagi isitish quvurlari zamonaviylariga almashtirilib, to‘rtta bolalar maydonchasi qurildi. Ayni paytda hududimizda istiqomat qilayotgan boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalarga bepul xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz”.
Izoh (0)