2014-yilning 21—30-sentabr kunlari Rossiya janubidagi Anapa shahrida MDH, Boltiqbo‘yi davlatlari va Gruziyaning “Kinoshok” nomli XXIII Ochiq festivali o‘tkaziladi. Tadbirda O‘zbekiston rejissyorlari tomonidan yaratilgan kinokartinalar ham ishtirok etadi. Bu haqda Uzbekistan Today axborot agentligi xabar bermoqda.
Kinoforum doirasida to‘rt xil tanlov bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy tanlovda Mansur Vasatining “Quduq” filmi (O‘zbekiston) ishtirok etadi. “TV-shok” tanlovida esa Javohir Qosimov rejissorligi ostida “O‘zbekfilm” studiyasida suratga olingan “Ziyoda” kinokartinasi taqdim etiladi.
“KinoMaliShok” festivalida Rashid Malikovnig “Tog‘a” filmi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur tragikomediya Irkutsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Oila davrasida” nomli xalqaro teatr va kino festivalining to‘liq metrajli kino yo‘nalishi Gran-Prisini yutib olgan edi.
Ma’lumot uchun, “Kinoshok” festivali doirasidagi tadbirlar keng qamrovligi va ochiqligi bilan ajralib turadi. U tanlov va tanlovdan tashqari taqdimotlar, aktyorlar bilan jonli muloqot, kino sohasi vakillarining ijodiy kechalari, gala-konsert kabi ko‘plab tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)