Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hukumatini mamlakatning janubi-sharqini siyosiy tashkillashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Bu haqda Putinning “Voskresnoye vremya” teleko‘rsatuvi uchun bergan intervyusiga tayanib, Euronews xabar bermoqda.
“Zudlik bilan samara beradigan muzokaralarni boshlash kerak. Muzokaralar texnik masalalarga emas, Ukraina janubi-sharqidagi aholining manfaatlarini qonun bilan ta’minlash maqsadida u yerdagi jamiyat va davlatni siyosiy tashkillashtirishga bag‘ishlangan bo‘lishi kerak”, — dedi Putin.
RF rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu yerda gap Novorossiyaga davlat maqomini berish haqida emas, Ukrainaning o‘zida barcha masalalarni qamrab oladigan muzokaralar olib borish to‘g‘risida ketayotganligini aytdi.
O‘z navbatida, Vladimir Putin Pyotr Poroshenko bilan Minskda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida aytar ekan, Poroshenkoni “muzokara olib borish mumkin bo‘lgan hamkor” deb atadi.
Shanba kuni Yevropa Ittifoqi sammiti doirasida Litva prezidenti Dalya Gribauskayte Rossiyaning Ukrainaga nisbatan yuritayotgan siyosatini tanqid ostiga oldi. “O‘ylashimcha, vaziyat keskinlashmoqda. Rossiya ochiqchasiga va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga qarshi urush holatida turibdi. Ya’ni Rossiya Yevropaga yaqinlashish niyatida bo‘lgan davlatlarga qarshi urushmoqda. Bundan esa RFning Yevropaga qarshi urush holatida turgani haqida xulosa qilish mumkin”, — deydi Litva rahbari.
Yevroittifoqning Bryusseldagi sammitida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi qaror kelgusi haftada e’lon qilinishi ma’lum qilindi.
Izoh (0)