O‘zbekiston fuqarolari 54 mamlakatga vizasiz chiqish imkoniga ega. Bu haqda Henley & Partners agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Viza cheklovlari indeksida xabar berildi, deb ma’lum qildi “Anhor”.
O‘zbekiston mazkur reytingda Sao Tome va Prinsipi, Gvineya, Mali, Niger hamda Togo singari davlatlar bilan birga 74-o‘rinni egalladi. Bu O‘zbekiston fuqarolarining vizasiz borish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonining ikkitaga ko‘payishiga qaramay, o‘tgan yilgi pog‘ona saqlab qolinganini bildiradi. Manbada aynan qaysi davlatlarga tashrif buyurish uchun viza olish shart emasligi qayd etilmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida fuqarolari vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni bo‘yicha Qozog‘iston eng yaxshi ko‘rsatkich (66 ta mamlakat, reytingda 64-o‘rin)ni namoyon qilgan bo‘lsa, MDH davlatlari ichida Rossiya fuqarolari 100 ta mamlakatga vizasiz borish imkoniyati bilan birinchilikni, Viza cheklovlari indeksida esa 38-o‘rinni egalladi.
Reytingda Finlyandiya, Shvetsiya, Germaniya, AQSh va Buyuk Britaniya yetakchilik qilmoqda. Ularning fuqarolari 174 mamlakatga vizaga ega bo‘lmagan holda borishi mumkin. Indeksdan eng yomon ko‘rsatkichlar esa Pokiston, Somali, Iroq va Afg‘onistonga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, Viza cheklovlari indeksi fuqarolarning 219 mamlakatga vizasiz chiqish imkoniyatini tahlil qiluvchi reyting bo‘lib, u davlatlar farovonligi va ochiqligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib beradi.
Izoh (0)