Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko mamlakatni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar koalitsiyasini AQSh boshqarishi kerak deb hisoblamoqda. Bu haqda Washington Post nashriga tayanib, Segodnya.ua xabar berdi.
Poroshenko, shuningdek, yo‘lovchi samolyotni urib tushirgani uchun AQSh Rossiyaning turli iqtisodiy sohalariga jiddiy ta’sir qiluvchi sanksiyalar kiritishi lozim ekani va bu borada Yevropaning ham AQShdan o‘rnak olib, o‘zining sanksiyalarini kiritishi zarurligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, prezident Ukrainaning davlat chegaralarini himoyalash, korrupsiyaga qarshi kurash, mamlakatdagi energetika siyosatini isloh qilish hamda qishloq xo‘jaligi sohasini liberallashtirishda AQShning yordamidan foydalanmoqchi ekanini qo‘shimcha qildi. Xususan, AQShdan tabiiy gazning yetkazib berilishi Ukrainaning Rossiyaga tobeligini kamaytirishi mumkin.
Ayni damda, AQSh va Kanada Jahon banki tomonidan Rossiyaga kredit va sarmoya ajratish loyihalarini to‘xtatib qo‘ymoqchi. Yevroittifoq esa Rossiya Federatsiyasining subyekti bo‘lgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bilan birga yana 14 nafar rossiyalik va ukrainalikka qarshi sanksiya kiritdi.
Hozirda AQSh Ukrainaga NATOning ittifoqdoshi maqomini berish imkonini ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)