Xalqaro tizim ma’murlari (sistema administratorlari) kuni (SAAD) har yili iyul oyining so‘nggi jumasida nishonlanadi. Bu yilgi SAAD 25-iyulga to‘g‘ri keldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Mazkur bayramni 20 yillik tajribaga ega amerikalik tizim ma’muri Ted Kekatos o‘ylab topgan. Ted jurnalda HP printerlari reklamasida tasvirlangan foydalanuvchilarning o‘rnatilgan printerlar uchun tizim ma’muriga minnatdorchilik tariqasida sovg‘a berishga navbat kutayotganini ko‘rgandan so‘ng, tizim ma’murlari kunini nishonlash g‘oyasiga kelgan.
Ted SysAdminDay.com domenini ro‘yxatdan o‘tkazib, sayt ochadi va o‘zining o‘nlab do‘stlarini iyulning so‘nggi jumasida o‘tkazilishi kutilgan tizim ma’murlari kuniga taklif qiladi.
Tizim ma’murlari kuni ilk bor 2000-yil 28-iyul kuni nishonlanib, unda dasturiy ta’minot bilan shug‘ullanuvchi kompaniya mutaxassislari Chikago chekkasida kichik bayram uyushtirgan. Shundan beri har yili dunyoning turli mamlakatlarida mazkur kun bayram tariqasida nishonlanadi.
Jumladan, rossiyalik tizim ma’murlari o‘z bayramlarini Kaluga shahri yaqinida o‘tkaziladigan Butunrossiya tizim ma’murlari yig‘inida nishonlaydi. Bu yil Kaluga viloyatida 25—27-iyul kunlari ma’murlar forumi — IT Campus bo‘lib o‘tadi. Loyiha davomida turli ma’ruzalar, master-klasslar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, tizim ma’murining vazifalari tashkilotning kompyuter texnikasi va tarmog‘ini boshqarishdan iborat.
Izoh (0)