O‘zbekistonlik tennischi Oqgul Omonmurodova Fransiyada mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil etgan xalqaro turnirning yakkalik bahslari birinchi davrasida g‘alaba qozonib, bosh sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qiladi.
Fransiyalik Matilda Yuxanssonga qarshi kortga chiqqan sportchi ikki set yakuniga ko‘ra 6-3, 6-4 hisobida raqibini mag‘lub etdi.
Endi Oqgul Omonmurodova ikkinchi davrada Mendi Minella (Lyuksemburg) hamda Amanda Karreras (Buyuk Britaniya) o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan bahs yuritadi.
Bugun, 8-iyul kuni esa Oqgul juftlikda ukrainalik sherigi Anastasiya Vasilyeva bilan birga argentinalik Vanesa Furlanetto hamda fransiyalik Amandin Xess duetiga qarshi kortga chiqadi.
Yana bir iqtidorli tennischi Sabina Sharipova esa Tailandning Bangkok shahrida boshlangan xalqaro turnirni g‘alaba bilan boshladi.
Yakkalik bahslarining dastlabki turida yaponiyalik Akari Inuye bilan bahs yuritgan Sabina 6-2, 6-4 hisobida zafar quchdi. Sabina Sharipovaning ikkinchi davradagi raqibasi bugun o‘tkaziladigan Chanikarn Silakul (Tailand) va Xikari Yamamoto (Yaponiya) uchrashuvidan so‘ng aniqlanadi.
Izoh (0)