O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 26-iyun kuni Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Farg‘ona xalqaro aeroportida qurilgan yangi bino viloyatdagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlaridan darak beradi. Prezident ushbu binoni ko‘zdan kechirar ekan, uni yanada ko‘rkamlashtirish, yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Farg‘ona viloyatida 4 teatr va 14 muzey, boy kitob fondiga ega 1628 kutubxona va axborot-resurs markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyat markazida ming o‘rinli San’at saroyi qurib bitkazildi. Saroy atrofidagi 40 gektar maydonga 10 ming tup manzarali daraxt ekilib, so‘lim xiyobon barpo etildi. Musiqali favvoralar iqlim mo‘tadilligini ta’minlamoqda.
Prezident mazkur San’at saroyida tomoshabinlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan qiziqdi.
Keng va yorug‘ san’at koshonasining eshik va ustunlari milliy uslubda bezatilgan. Tomosha zalida tomoshabinlar uchun barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan. Sahna atrofiga zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatilgan.
San’at saroyiga tutash hududda muhtasham sport koshonasi – Suv sporti majmuasi bunyod etilgan. Suv havzasi, mashg‘ulot va trenajyor zallariga ega mazkur majmuada bolalar suzish, sinxron suzish, suv polosi kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi.
Prezident bu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan bolalar bilan suhbatlashdi. Ularning o‘qishi, kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi hamda bolalarga sport anjomlari sovg‘a qildi.
“Farg‘ona shahrining qiyofasi qisqa muddatda butunlay o‘zgaribdi, – dedi davlat rahbari. – Shaharning bosh rejasi ustida ishlashda, bino va yo‘llar qurishda uzoq istiqbolni o‘ylab ish yuritish lozim. Aylanma halqa yo‘lini barpo etish, ko‘p tasmali magistral yo‘llarni qurish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, zamonaviy inshootlar barpo etish kerak”.
Farg‘ona shahrida bunyod etilgan 20 ming o‘rinli stadion o‘zining noyob me’moriy va muhandislik yechimi, betakror dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.
Davlat rahbari ushbu stadionni borib ko‘rdi. Prezident stadionda sportchilar, tomoshabinlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, yosh sportchilar, xususan, futbolchilar tarbiyalashga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Izoh (0)