O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 16-iyun kuni ilk davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kutib oldi, deb xabar berdi O‘zA.
Qisqa suhbatdan so‘ng Koreya Respublikasi delegatsiyasi Ko‘ksaroy qarorgohiga yo‘l oldi.
Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada kengaytirishning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekistonga davlat tashrifining asosiy tadbirlari 17-iyunga mo‘ljallangan.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi rahbarlari tomonidan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilinishi, turli sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘ladigan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)