Nargiz Zokirova tez orada nevarali bo‘ladi
Mashhur “Golos” teleshousi yulduzi Nargiz Zokirova buvi bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda uning o‘zi yaqinda bo‘lib o‘tgan konsertida ma’lum qildi. Qo‘shiqchining 24 yoshli qizi Sabina Toshboyeva unga buvilik baxtini sovg‘a qilad, deb yozadi Dni.ru.
“Hozirgacha uch farzandning onasi edim, sentabrda buviga ham aylanaman”, — dedi Zokirova.
Ijodkor turmush o‘rtog‘i Filipp Balsano bilan Sabina va Laylo ismli qizlari hamda Auel ismli o‘g‘illarini tarbiyalamoqda.
Ta’kidlash joiz, Nargiz Zokirovaning nafaqat shaxsiy hayotida, balki ijodida ham yaxshi yangiliklar bor. Rossiyalik taniqli prodyuser Maksim Fadeyev u bilan birga ishlay boshladi.
“Prodyuserlik markazimizga Nargizning kelib qo‘shilganidan juda xursandman, — deb yozadi Fadeyev o‘zining Twitter’ida. — Nargizdek ijodkor bilan birga ishlashdan baxtiyorman. Xush kelibsan, Nargiz. Senga pand berib qo‘ymayman”.
Shuningdek, prodyuser Nargiz uchun “chin qalbdan” qo‘shiq yozganini, u “Muz-TV” marosimigacha tayyor bo‘lib qolishini qo‘shimcha qilgan.